QACHON

QACHON?

«O`zim-o`zimligimcha qolganim yaxshi,
o`zimlagimcha…»

Hayot-
Qachon mendan baxt o`rganasan?
Nega azob berib qiynayverasan.
Alamlaring bilan tilarsan bag`rim,
Azob sahnasida sinayverasan.

Qancha umr ko`rdim, shunga yarasha,
Qancha sinov yana shay turar menga.
Bardoshim qolmadi to`ydim kurasha,
Jonimni ol hayot, jon beray senga.

Sabr ato etding, sabrimni olding,
Toqatim sinading, irodam poymon.
Nega yosh umrimga musibat solding,
Menga qilganingga qilgin pushymon.

Men ham bir kun kelib topay baxtimni,
Yashay qanday bo`lsa shundayligicha.
Omad sinab kelar saqlay ahdimni,
O`zim yashayveray mendayligimcha.

OTAM

«Siz uchun atadim ushbu satrlarimni,
bu siz uchun bitilgan ilk she’rim.
Otajon-bu qizingizdan bag`ishlov.”


Mehrga oshufta o`rtangan dilim,
Doim sizni kutib yashardim, har dam.
Siz sabab gullamay parishon yuzim,
Tug`ilgan chog`imda ko`rmagan otam.

Ko`nglim ko`chasidan chiqolmagan dard,
Hasrat qorachiqqa qadalib ketgan.
Istardim, eng erka qizingiz bo`lish,
Bilmam siz qaylarda yo`qolib ketgan.

Kutdim, hayotimga nurday kirdingiz,
Kechirdim otajon, yuzingiz yorug`.
Umrim uchun aziz inson bo`ldingiz,
Endi bu yuragim alamdan forig`.

Bu nokas taqdirning hukmiga ko’nmang,
Aldanmang hayotning aldovlariga.
Otajon, men uchun beringiz mehr,
Yurak zor mehrning yo`qlovlariga.

USHALMAGAN ORZULAR

«Ushalmagan orzularim yuragimda limmo-lim,
orzularim, ushalgin,
ro`yob bo`l bugun»


Ko`nglim farishtasi ruhim uchun do`st,
Bugun qalbim uchun tugma tuyg`ular.
Nigohimda quvonch ufurgay har dam,
Shunda tarqarmidi sassiz qayg`ular.

Shodlikka belangan damlar sanoqli,
Baxtdan ko`ra dardlar bisyor yurakda.
Yuzim kulib turar, yig`laydi qalbim,
Hech bo`lmasa soxta malham kerakda.

Hayotning tuhfasi-tinch yashayapman,
Na kulib,na yig`lab, arosatdaman.
Umr deganlari ayamas ekan,
Axir dunyo degan bo`larkan bir kam.

Yuragim yorishmas soxta kulguga,
Aldangan hislarim ko`zimda marjon.
Axir deydilarku ayb yo`q orzuga,
Beiz ketayotir umid ham shu on.

Meni baxt shahriga chorla, orzular,
Yolg`iz ishonganim o`zingsan, orzu!
Sen-la yashayapman, sen-la umidvor,
Dilimda unganim o`zingsan-orzu!

Kipriklarim bugun tortar panjara,
Sen sabab labimga qo`ngan tabassum.
Ushalaver har gal qalbda takrora,
Sendan bahra olib yashayin bir zum.

Ushalmagan orzu-ro`yob bo`l bugun…