ORZU DARAXTIM


ORZU DARAXTIM

«Umrimni orzularga burkadim,
gulladi orzu daraxtim,
o`zgacha tuyg`ular hukmron unga»

Men bugun o`zgacha hisga tutqunman,
Bo`ysunmas yuragim,bo`ysunmas aql.
Nidoga o`xshagan ezgu bir unman,
So`nmas orzularni o`rtaydi ko`ngil.

Men bugun o`qilgan bejon afsunman,
Yomg`irlardan qochib do`lga tutilgan.
Qalbim sahrosida misli Jununman,
Hislari vayrona poymon etilgan.

Qochib ketgim kelar bugun o`zimdan,
O`zimdan o`zimga tilangan baxtim.
Yosh emas,dil oqar bugun ko`zimdan,
Ruhimda gul ochdi orzu daraxtim.

Men bugun devona dilga tutqunman…

ORZULAR FASLI

«Har faslda o`zgacha tilsim
har fasl ham o`ziga yarasha,
hokisor, zavqli.
Yuragimda orzular fasli…»

Hislarimda bugun kuzning tashrifi,
Yurak hayajonga limmo-lim to`lgan.
Poyimga to`kilgan xazon ta`rifi-
Bevaqt saratondan yuzlari so`lgan.

Yuragimda bugun qishning tashrifi,
Panoh bering menga yopinchiqlarim.
Tuyg`usimon poklik-oppoq ziynatim,
Dilimni muzlatgan qalbi yaxlarim.

O`ylarimda bugun yozning tashrifi,
Shamol-la osilib bo`lsaydim nasim.
Issiqlik taftining zindonidaman,
Yomg`irga aylanib qolsaydim bir zum.

Qalbimda manguga bahor tashrifi,
Gulladi tuyg`ular,g`uncha bu o`ylar.
Go`zallikning atri,muhabbat fasli,
Qalbim sahrosida mehmon orzular.

Endi yuragimning sarboni bahor,
Gulzorda ochilgan g`unchaman o`zim.
Dilim tuyg`ularin ayblamoq bekor,
Hislar bir-biriga ulangan uzum.

Xayollar shalola,misralar alvon,
Ko`zlarim sel quyar otash qalbimga.
Orzu farishtam ham qaylarda sarson,
Samoni quchgani ketsam bir zumga.

Yuragimda hamon bahor tashrifi…